Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va jonli muloqoti har birimizni ruhlantirib, kelajakka bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamladi. Ushbu uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun belgilangan aniq chora-tadbirlar ko‘plab yoshlar uchun yangilik bo‘ldi. Avvalo, xorijiy tillarni o‘rganish jarayonini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tashabbusi e’tiborga molik. Endilikda “2+6” tizimi asosida o‘quv kurslarining dastlabki ikki oyi o‘quvchining o‘z mablag‘idan, keyingi olti oyi esa davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu esa til o‘rganishga qiziqadigan, biroq moliyaviy imkoniyati yetarli bo‘lmagan yoshlar uchun ajoyib imkoniyat. Ayni damda Buxoro Davlat Universitetida ko‘plab talabalar xorijiy tillarni puxta o‘rganishga harakat qilmoqda va ushbu dastur ularga yanada rag‘bat beradi. Til bilish – global olamga chiqish, yangi imkoniyatlar eshigini ochish degani.
Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun ta’lim olishni qo‘llab-quvvatlashga doir qarorlar yoshlar orasida katta xursandchilik bilan kutib olindi. Har bir oilada kamida bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun qo‘shimcha grantlar ajratilishi, foizsiz ta’lim kreditlari taqdim etilishi va kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi, shubhasiz, iqtidorli yoshlarning oliy ta’lim olishiga katta hissa qo‘shadi. Bu kabi tashabbuslar nafaqat ijtimoiy adolatni ta’minlaydi, balki yoshlarni ilm-fanga, ijodiy izlanishlarga yanada qiziqtiradi.
Yana bir muhim yangilik – dunyoning eng nufuzli “TOP-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan yosh olimlarga uy-joy xaridi uchun 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi. Bu, ayniqsa, ilmga chanqoq va kelajagini ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘lagan yoshlar uchun ulkan rag‘bat bo‘ladi. O‘zbekistonda ilmiy salohiyatni yuksaltirish, yoshlarni ilmga oshno qilish uchun bunday yondashuv juda katta ahamiyatga ega. Endi yoshlarda ilmiy izlanish olib borib, xalqaro akademik doiraga chiqish, zamonaviy ilmiy tajribalardan o‘rganish va mamlakatimizga qaytib, o‘z bilimlarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyati yanada kengayadi.
Bundan tashqari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalarining oshirilishi ham muhim qadamdir. Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot kabi strategik sohalarda yetuk kadrlar tayyorlashga qaratilgan bu dastur yoshlarning xorijiy davlatlarda sifatli ta’lim olib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi uchun yana bir eshik ochadi. Bugungi kunda zamonaviy shaharsozlik, ekologik muammolar, sog‘liqni saqlash va muqobil energiya kabi sohalar global muammolarga aylangan. O‘zbekiston ana shunday muhim sohalarda ilg‘or tajribalarni joriy qilish yo‘lidan bormoqda va yoshlarning malakali kadr sifatida yetishib chiqishi bu borada katta ahamiyat kasb etadi.Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasida yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga joriy etilgan soliq imtiyozlari yoshlar bandligini oshirishga xizmat qiladi. Endi kamida 3 million so‘m oylik maosh beradigan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq atigi 1% qilib belgilandi va bu imtiyoz 3 yil davomida amal qiladi. Yoshlar uchun bu juda katta imkoniyat – ular mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, tajriba orttirishi va moliyaviy mustaqil bo‘lishi uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi. Ayniqsa, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalari keng rivojlanayotgan hozirgi davrda bu yangilik yangi ish o‘rinlarini yaratishga, iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan har bir tashabbus yoshlarga bo‘lgan katta ishonch, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan beqiyos e’tiborning yorqin namunasidir. Yoshlar yetakchisi sifatida men ushbu qarorlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va barcha yoshlarni taqdim etilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chorlayman. Bizning maqsadimiz – davlatimizning rivojlanishida, ilm-fan taraqqiyotida va mamlakatimizning jahon miqyosidagi o‘rnini mustahkamlashda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashdir. Shu sababli, yoshlar sifatida biz o‘z ustimizda ishlashni davom ettirib, davlatimiz yaratib bergan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz kerak. Bu bizning Vatan oldidagi burchimiz, kelajak avlodlar uchun qo‘yadigan mustahkam poydevorimizdir!